“Ichidagi narsalar va odamlar bilan birga buzib tashlansin”: Buxoro viloyati hokimi xodimlarga bog‘chadagi noqonuniy qurilmani sudsiz buzib tashlashni buyurdi
Hokimlik axborot xizmatining ta’kidlashicha, amaldor bolalarning xavfsizligini ta’minlamoqchi bo‘lgan va xodimlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiy munosabat bildirishga majbur bo‘lgan.

12-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning bog‘cha hududidagi binoni sud qarorisiz buzish bo‘yicha topshiriq bergani aks etgan video tarqaldi. Viloyat hokimligi hodisaga izoh berdi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov xodimlarga bolalar bog‘chasi hududidagi binoni sud qarorisiz “ichidagi buyumlari va odamlari bilan birga” buzishni buyurdi.
“Bog‘ hududiga kirgan har bir kishini tekshirib ko‘r, barcha qonuniy hujjatlarni ko‘tar. Kimniki yo‘q — hech kimning gapiga quloq solmay, sudsiz, tergovsiz buz. Bugunoq buzib tashla — narsalaring bilan, ichingdagi odamlar bilan birga ko‘mib tashla”, — dedi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 22-may kuni hokim boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishish uchun borgan.
140 o‘ringa mo‘ljallangan muassasa 1961-yilda qurilgan bo‘lib, hozirda avariya holatida. Mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilib, bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari boshlandi. Viloyat hokimi o‘rganish davomida shahar hokimligi va mas’ul mutaxassislarga qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, bog‘cha hududi obodonlashtirilmagani, uning yonida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasi egasi o‘zboshimchalik bilan bog‘chaga noqonuniy yo‘l ochgani aniqlangan. Bundan tashqari, bog‘ hududining yuqori kuchlanishli transformator o‘rnatilgan qismi himoya panjarasi bilan o‘ralmagan, bundan Botir Zaripov norozi bo‘lgan.
“Videolavhada tilga olingan “buzib tashla” jumlasida aynan oʻsha bogʻcha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona, noqonuniy kirish-chiqish yoʻlagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan. Bunda viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi, hamda yuz berishi mumkin boʻlgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish — asosiy maqsad boʻlgan”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, viloyatdagi boshqa bog‘chalarda ham bu kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimi o‘rinbosariga hayfsan berilgani aytilmoqda. Noqonuniy o‘tish joyi olib tashlanib, 2-sonli bog‘chadagi vaziyatni o‘rganish jarayoni videoga olinib, mas’ullarga yuborilgan, shundan so‘ng internetda tarqalgan.
“Viloyatda qonun ustuvorligi taʼminlanadi, bironta noqonuniy buzilish qilinmaydi. Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning masʼuliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga toʻgʻri kelgan”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda yuz minglab uylar buzilishi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Qurilish vazirligi ma’lumotni rad etgan.
Izohlar