Farg‘ona viloyatida to‘rtta noqonuniy diniy ta’lim tashkiloti fosh etildi
“O‘qituvchilar” tegishli lisenziyaga va ma’lumotga ega bo‘lmagan holda bolalarni uyda yoki o‘quv markazlarida o‘qitishgan.

Farg‘ona viloyatida voyaga yetmaganlarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berish holatlariga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda DXX axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, boshqarma xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda viloyat bo‘ylab reyd o‘tkazib, voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berish bilan bog‘liq 4 ta holatni aniqlagan.
Xususan, Yozyovon tumani “Tegirmonboshi” mahallasida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qayd etilgan birinchi holatda 34 yoshli erkak 2025-yil iyun oyidan buyon o‘z uyida olti nafar voyaga yetmagan farzandiga diniy ta’lim bergan. Shu bilan birga, erkak tegishli ma’lumotga ega bo‘lmagan.
Qo‘shtepa tumanidagi “Mumtoz” mahallasida yashovchi 50 yoshli fuqaro o‘z uyida 10-16 yoshli 4 nafar qizga diniy saboqlarni uyushtirgan.
Yana bir holatda esa Dang‘ara tumanidagi “Tangriqul” mahallasida yashovchi 62 yoshli fuqaro litsenziyasiz 10-14 yoshli 4 nafar farzandini uyida o‘qitib kelgani aniqlangan.
Yana bir holat Farg‘ona tumani “Vodil” mahallasida joylashgan o‘quv markazlaridan birida aniqlangan. U yerda lisenziyaga ega bo‘lmagan 28 yoshli mahalliy fuqaro 28 nafar voyaga yetmagan bolaga dinni o‘rgatgan. Tartib posbonlari barcha holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, materiallarni sudga yuborgan.
Avvalroq O‘zbekistonda noqonuniy diniy ta’lim beruvchilar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. “Pedagoglar” mashg‘ulotlar paytida bolalarni ayovsiz kaltaklagan, ular va bolalarning ota-onalari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Izohlar