O‘zbekistonda noqonuniy diniy ta’lim beruvchilar qo‘lga olindi
“Pedagoglar” mashg‘ulotlar paytida bolalarni ayovsiz kaltaklagan, ular va bolalarning ota-onalari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Namangan, Andijon va Xorazm viloyatlarida voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berib, dars jarayonida ularni kaltaklagan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Xorazm viloyati IIB axborot xizmati.
Birinchi holat Namangan viloyatining Davlatobod tumanida aniqlangan. 1959-yilda tug‘ilgan fuqaro hech qanday malaka va ruxsatga ega bo‘lmagan holda bolalarga dinni o‘rgatgan. Uning qo‘lida 8 nafar voyaga yetmagan o‘quvchi tahsil olgan.
Erkakka nisbatan 241-modda (Diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga 15 sutkagacha qamoq jazosi tahdid solmoqda. Voyaga yetmagan o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan 47-modda (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, ularga BHMning 5 baravari (1,8 mln so‘m) miqdorida jarima solinishi mumkin.
Shundan so‘ng Andijon viloyatidagi bolalar shifoxonasida jarrohlik bo‘limi navbatchi shifokori huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, voyaga yetmagan bemorining tanasida ko‘plab jarohatlar va shilinmalar, shuningdek, boshida chirigan jarohat aniqlangani haqida gapirdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari darhol tergov boshladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Asaka tumanida 1985 yilda tug‘ilgan ayol olti oy davomida Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan bolaga noqonuniy ravishda diniy ta’lim bergan. Mashg‘ulot paytida bolani yog‘och tayoq, kabel simlari va boshqa narsalar bilan kaltaklagan.
Ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni va ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni qiynash) 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bolaning ota-onasi qanday jazoga tortilgani ma’lum qilinmagan.
Uchinchi holat Xorazm viloyatida sodir bo‘lgan. Xonqa tumanida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan ayol va uning qizi hech qanday diniy ma’lumotga ega bo‘lmasdan, o‘z uyida guruh tashkil etib, 16 nafar voyaga yetmagan bolaga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berishgan. Ular har bir bola uchun 1 mln so‘mdan olishgan. Mashg‘ulotlarni uddalay olmagan bolalar shafqatsizlarcha kaltaklangan.
Ularga nisbatan 241-modda (Diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (Voyaga yetmagan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
8 nafar bolaning ota-onasiga nisbatan 47-modda (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ular BHMning 5 baravari (1,8 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda bolalarga noqonuniy ravishda dinni o‘rgatgan ota-onalar jazolanishi haqida xabar berilgandi. Javobgarlikning eng og‘ir chorasi qamoqqa olishni nazarda tutadi.
Izohlar