Farg‘ona viloyatida aholi shikoyatidan so‘ng sement zavodi jarimaga tortildi
Fuqarolar chang, iflos havo va ishlab chiqarish shovqiniga chidashga majbur bo‘lgan.

Farg‘ona viloyatidagi “Kichik Tagob” mahallasi aholisi sement zavodi tomonidan atrof-muhitga zarar yetkazilayotganidan shikoyat qildi: “Ekolog.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqarish havoni ifloslantiradi, yashil maydonlarga, ichimlik suvi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shovqin va tebranishlarni chiqaradi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Inspektorlar tomonidan “Turon Eco Sement Group” MCHJ faoliyatida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Materiallar belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish va chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborildi.
Shuningdek, korxonaning ishlab chiqarish faoliyati davomida atrof-muhitga chiqaradigan chiqindilari uchun ekologik kompensatsiya 370 565 350 so‘m miqdorida hisoblangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasiga muvofiq, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha korxonaga bajarilishi majburiy bo‘lgan 13 ta ko‘rsatma berilgan. Ularni bajarish muddatlari aniq belgilangan.
“Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi fuqarolarning murojaatlarini doimo inobatga olib, ekologik nazoratni kuchaytirish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, har yili iflos havo tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlarida minglab odamlar bevaqt vafot etadi. O‘qing: Iflos havodan qanday himoyalanish mumkin?
Izohlar