Erondagi O‘zbekiston fuqarolari norozilik namoyishlari fonida ehtiyot bo‘lishga chaqirildi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.
Idora Tashqi ishlar vazirligi Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma’lum qildi. O‘zbekistonning mamlakatdagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda namoyishlar chog‘ida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar qayd etilmagan.
Shu munosabat bilan Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini miting va namoyishlarda ishtirok etmaslikka, odamlar gavjum joylardan uzoqroqda bo‘lishga va shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz, — deyiladi xabarda.
Zarurat tug‘ilganda fuqarolar O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasiga quyidagi telefonlar orqali murojaat qilishlari mumkin:
- +98 21 2229 9780;
- +98 21 2283 2025.
Avvalroq Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush yakunlangani xabar qilingandi. Tomonlar AQSH vositachiligida tinchlik shartnomasini tuzgan.
























