Dubaydan Toshkentga uchayotgan o‘zbekistonlik boshqa yo‘lovchiga tegajog‘lik qildi
Erkak uchib kelganidan keyin aeroportda qo‘lga olingan.

O‘zbekistonlik yo‘lovchi Dubaydan Toshkentga uchayotganda yonida o‘tirgan ayolga tegajog‘lik qilib, besh sutkaga qamaldi, deyiladi sud qarorida.
Erkak tegajog‘lik qildi, haqoratli va kamsituvchi so‘zlar aytdi, uning oyoqlariga tegindi va to‘xtatish haqidagi iltimoslarga javob bermadi. Toshkentga yetib kelgach, erkak qo‘lga olingan. Qoidabuzar Farg‘ona viloyatida yashovchi 53 yoshli fuqaro bo‘lib chiqdi.
Parvoz paytida “Mana bu joyga o‘tir – kayf qilasan”, “Dubayda nima qilib yuribsan?”, “Dubayga hamma qatori ko‘ngilxushlik qilish uchun kelding”, “Dubayda boshqa erkaklar ustida ham sakraysan” kabi behayo so‘zlarni aytib, yo‘lovchining sha’ni va qadr-qimmatini yerga urgan.
Sudda u aybini tan oldi va jazoni yengillashtirishni so‘radi. Sud uning harakatlarini jinsiy zo‘ravonlik deb baholab, besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Bundan tashqari, erkakdan maxsus qabulxonada saqlangan har bir kun uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, metroda yigit notanish qizga tegajog‘lik qilib, besh sutkaga qamalgan edi. Sudda ayblanuvchi endi bunday harakatlarni takrorlamaslikka va’da berdi.
Izohlar