Botir Qodirov yana mualliflik huquqini buzganlikda ayblandi
Avvalroq xonanda ushbu modda bo‘yicha uchun ikki marta sudlangandi.

Xonanda Botir Qodirov shoir Shamsiddin Sadoiyga mualliflik huquqini buzganlik uchun jami 132 mln so‘m tovon puli va ma’naviy zarar to‘laydi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi Intellektual mulkni himoya qilish departamenti matbuot xizmati.
Shoir Shamsiddin To‘rayev 2025-yil iyun oyida Uchtepa tumanlararo fuqarolik sudiga mualliflik huquqi buzilishini to‘xtatish, shuningdek, kompensatsiya va ma’naviy zarar undirish talabi bilan da’vo arizasi kiritgan. Ish ko‘rib chiqildi va javobgardan da’vogar foydasiga quyidagilar undirib olinadi:
- 112,5 mln so‘m kompensatsiya sifatida (300 BHM);
- 20 mln so‘m ma’naviy zarar hisoblandi.
Bundan tashqari, Botir Qodirovga da’vogar muallifligidagi qo‘shiqlarni efirda, ijtimoiy tarmoqlarda, barcha davlat va nodavlat telekanallar, radiostansiyalar, platformalar va boshqa har qanday shakllarda, ya’ni Davlating borida, Omonat va Tingla do‘stimda ijro etish va tarqatishni zudlik bilan to‘xtatish majburiyati yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, xonanda mualliflik huquqini buzgani uchun ikki marta sudlangan. Oxirgi marta shoir Shohrux Abduvohidovning shikoyatidan keyin. Musiqachi, shuningdek, muallifning ruxsatisiz qo‘shiqlarda o‘zganing she’rlaridan foydalangan va jarimaga tortilgan. Avvalroq u xuddi shu modda bo‘yicha 1,8 mln so‘m jarimaga tortilgan edi.
Izohlar