Dunyo

Ukrainada o‘zbekistonliklar qullikdan qutqarildi

Odamlar g‘ayriinsoniy sharoitlarda ushlab turilgan va tahqirlangan.

Ukrainada huquq-tartibot idoralari xodimlari 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini qullikda saqlagan bir guruh shaxslarni fosh qildi, deb xabar berdi Kiyev viloyati prokuraturasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, huquqbuzarlar fuqarolarni Ukrainadan tashqarida topgan. Bunda asosan uy-joyi, ish joyi yo‘qligi, moddiy sharoiti og‘irligi tufayli nochor ahvolga tushib qolgan fuqarolar tanlab olinib, aldov yo‘li bilan Kiyev viloyati hududiga jalb qilingan.

Shundan so‘ng, qonunbuzarlar odamlarni to‘liq o‘z nazoratiga olishgan: hatto hojatxonaga borishga ham belgilangan jadvalga muvofiq ruxsat berilgan. Shuningdek, jinoyatchilar fuqarolarning erkin harakatlanishini nazorat qilgan va arzimagan ayblar uchun jarima solgan. Jabrlanganlarning barchasi jinoyatchilar tomonidan tekinga ishlatilgan va og‘ir sharoitlarda saqlangan.

Tezkor tadbirlar davomida ikki nafar Xitoy fuqarosi, bir nafar O‘zbekiston fuqarosi va bir nafar Ukraina fuqarosi qo‘lga olindi. 2025-yil 17-sentyabr kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan gumonlanuvchilarning yashash joylari va xo‘jalik obyektlarida ham tintuv o‘tkazilib, 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi saqlanayotgan, hujjatlar, pul va transport vositalari saqlanayotgan binolar aniqlangan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari 149-moddaning 2-qismi (odam savdosi, qullik) bo‘yicha gumonlanuvchilarni qo‘lga olishdi, bundan tashqari, tartib posbonlari ishning to‘rt nafar ishtirokchisiga o‘ta og‘ir jinoyatda gumon qilinayotgani haqida xabar berishdi, shu munosabat bilan ularning ehtiyot chorasi o‘zgartirilishi mumkin. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari odam savdosiga urinishning oldini olgani haqida xabar berilgan edi. Samarqandlik ayollar Hindistonga ishga joylashish niqobi ostida qizlarni jinsiy qullikka yuborishga uringan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная