Rossiyada mehnat migrantlariga MTS polisi berish qoidalari kuchaytirildi
Bepul tibbiy yordam ilgari uch yil bo‘lgan muddatning o‘rniga, endi faqat besh yil qonuniy ishlangandan so‘ng taqdim etiladi.

Vladimir Putin mehnat migrantlari uchun majburiy tibbiy sug‘urta polisini olish qoidalarini o‘zgartiruvchi qonunni imzoladi, deb yozadi Interfaks.
Hujjatga ko‘ra, endilikda Rossiyada qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va kamida besh yillik sug‘urta stajiga ega bo‘lgan chet el fuqarolarigina majburiy tibbiy sug‘urta polisini olishlari mumkin. Ilgari uch yil talab qilinardi. Yangi qoidalar yuqori malakali mutaxassislarga taalluqli emas.
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning tushuntirishicha, migrantlar besh yillik rasmiy ishdan keyingina Rossiyada bepul tibbiy xizmat olish huquqiga ega bo‘ladi. Faqat favqulodda vaziyatlar bundan mustasno bo‘lib, bunda yordam stajidan qat’i nazar ko‘rsatiladi.
Qonun byudjetni shakllantiruvchi tashabbuslar paketi doirasida qabul qilindi.
Avvalroq 2026-yilda Moskvada mehnat muhojirlari uchun patent narxi oshirilishi haqida xabar berilgandi. Rasmiylar narxlarning ko‘tarilishini chet elliklar orasida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘rtacha ish haqi miqdorining oshishi bilan izohladi.
Izohlar