Migrantlar Moskva iqtisodiyotining chorak qismini tashkil qilmoqda
Tushumlar xarajatlardan bir necha barobar ko‘p.

O‘rtacha hisobda migrantlarning Moskva iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi kamida 23-25 foizni tashkil etadi, shu tariqa Rossiya poytaxtiga xarajatlardan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradi, deyiladi Oliy iqtisodiyot maktabida o‘tkazilgan tadqiqot ma’lumotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2023 yillarda Moskva iqtisodiyotiga turli toifadagi migrantlarning umumiy hissasi har yili yalpi hududiy mahsulotning 20 foizdan ortig‘ini tashkil etgan. Shu bilan birga, faqat 2020-yilda bu ko‘rsatkich 21 foizga tushdi, qolgan vaqt davomida 23-25 foiz darajasida saqlanib qoldi.
Mutaxassislar migrantlarning bir nechta toifalarini o‘rganib chiqishdi: Rossiyaning boshqa mintaqalaridan poytaxtga ko‘chib kelganiga 5 yildan oshmagan doimiy migrantlar, Moskvada ishlaydigan, lekin har kuni o‘z mintaqasiga qaytadigan mayatnikli migrantlar, Rossiya poytaxtida ishlaydigan, lekin u yerda doimiy yashamaydigan va vaqtincha ishlash uchun kelgan chet el fuqarolari kiradigan xalqaro migrantlar.
Shu bilan birga, tahlil doirasida ishlovchi migrantlarning barcha guruhlari xarajatlarga qaraganda byudjet daromadlarining katta hajmini ta’minlashi aniqlandi. Qayd etilishicha, tushumlar asosan xarajatlardan 2-3 barobar ko‘p.
Avvalroq Rossiyada migrantlarning ishsiz oila a’zolari qolishi cheklanishi xabar qilingandi. Vladimir Putin davlat migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasini tasdiqladi.
Izohlar