Geosiyosiy xatarlar, yadro quroli va strategik sheriklik: O‘zbekiston prezidenti IHT sammitida nimalar haqida gapirdi?
Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi keskin inqirozdan xavotir bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Ozarbayjonning Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida nutq so‘zladi. Uning nutqini prezident matbuot xizmati e’lon qildi.
O‘zbekiston rahbari delegatsiyalar rahbarlari huzurida so‘zga chiqib, Ozarbayjon prezidentiga qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Qozog‘istonning IHTdagi muvaffaqiyatli raisligini alohida qayd etdi.
Sizlar bilan qadimiy Qorabog‘ zaminida, noyob tarixiy va madaniy merosni o‘zida mujassam etgan ko‘rkam Xonkendi shahrida ko‘rishib turganimizdan behad mamnunman.
Shuningdek, u Afg‘oniston delegatsiyasining muloqotga qaytganini qayd etib, ushbu mamlakatning mintaqaviy jarayonlarga jalb etilishi muhimligini ta’kidladi.
Chunki biz qo‘shni Afg‘onistonni Tashkilotimiz makonining ajralmas bir qismi, keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik jarayonlarining muhim ishtirokchisi sifatida ko‘ramiz va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.
Mintaqadagi mojarolar va global xavflar
“Ayniqsa, aksariyat ziddiyat va nizolar aynan bizning Tashkilotimiz makonida sodir bo‘layotgani fikrimizning yaqqol isbotidir”, deb ochiq aytdi prezident. U Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqdagi vaziyatdan, shuningdek, Eronga qarshi harbiy harakatlardan xavotir bildirib, ularni nafaqat mintaqaviy xavfsizlikka tahdid, balki ehtimoliy ekologik halokat deb atadi.
Xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zo‘ravonlikka keng yo‘l ochmoqda. Xususan, Tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirdi.
Prezident Eron va Isroil o‘rtasidagi sulhni olqishlab, diplomatiya, konstruktiv muzokaralar olib borish va yadro qurolidan xoli hududlar yaratishga chaqirdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Falastin-Isroil mojarosini hal etish Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishning kaliti ekanini ta’kidlab, mustaqil Falastin davlati tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi.
“Iqtisodiyot — tinchlik asosi”
Prezident faqat iqtisodiy sheriklik orqali haqiqiy taraqqiyot va barqarorlikka erishish mumkinligini eslatib, hozirgi vaqtda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi past darajada qolayotganini ta’kidladi. 2024-yilda uning ko‘rsatkichi 95 milliard dollarni yoki davlatlar umumiy tashqi savdo aylanmasining 10 foizini tashkil etdi. Shu munosabat bilan prezident quyidagilarni taklif qildi:
- raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsiyalarga e’tibor qaratgan holda “2035-yilgacha iqtisodiy maqsadlar” strategiyasini qabul qilish;
- savdoni soddalashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish;
- to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi bitimni kelishish uchun Toshkent shahrida savdo vazirlari uchrashuvini o‘tkazish;
- mintaqadagi loyihalarga xususiy investorlarni jalb qilish uchun “Ekoinvest” dasturini ishga tushirish.
Yangi yo‘nalishlar, raqamli logistika va Samarqandda aviaforum
O‘zbekiston rahbari logistika zanjirlari uzilishi fonida transport xavfsizligi mavzusiga alohida e’tibor qaratdi.
U kelajakda transafg‘on koridori bilan bog‘lanadigan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li loyihasining ahamiyatini eslatdi.
Logistikani raqamlashtirishni jadallashtirish uchun Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish, shuningdek, yangi yo‘nalishlar, turizm aloqalari va marketingni muhokama qilish uchun Samarqandda milliy aviakompaniyalar forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Iqlim va islohotlar
Ayni paytda global iqlim kun tartibi masalalarida davlatlarning intilish va sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyatga ega, shu munosabat bilan prezident:
- cho‘l zonalarida o‘rmonlar barpo etish bo‘yicha transchegaraviy “yashil dastur” ishlab chiqishni taklif qildi;
- Bokuda COP-29 iqlim sammitida erishilgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatladi;
- IHTni yangi tahdidlarga moslashtirish uchun isloh qilishni boshladi.
Bugungi sammitimiz ko‘pqirrali va amaliy hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi katta niyat va rejalarimizga munosib turtki bag‘ishlaydi, — dedi prezident.
Izohlar