O‘zbekistonda avtomobillar uchun ekologik stikerlar tizimi joriy etilmoqda, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini murakkablashtiradi, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois, jahon tajribasidan kelib chiqib, ekologik stikerlarni avtomobillarning zararli chiqindilar darajasiga qarab berish tizimi joriy qilinadi.
Poytaxt, viloyat markazlari va shaharlarga zararli chiqindilari yuqori bo‘lgan avtotransport vositalarining kirishi cheklanadi. Bunday mashinalarni yangisiga almashtirish yoki filtr o‘rnatish uchun qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Avtomobil almashtirilganda avtokredit foiz stavkasining bir qismi qoplab beriladi.
Filtr o‘rnatib, zararli chiqindilarni kamaytirishga tayyor haydovchilarga xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya beriladi. Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi.
Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida “aqlli svetofor” orqali transport harakatini boshqarish tizimi joriy etiladi. Elektromobillardan foydalanish yanada rag‘batlantiriladi. Ekologik toza avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi.
Dastur doirasida mahalliy elektromobillar uchun avtokreditlar 12 foiz, import avtomobillar uchun 16 foiz stavkada ajratiladi. Elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari tashkil etish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi hamda yerlarni auksion orqali 2 baravar arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarida elektr energiyasi qiymatining 1 kilovatt-soat uchun 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda avtomobillar uchun ekologik stikerlar berish tartibi tasdiqlangandi. Transport ekologik sinfga qarab uch toifaga bo‘linadi.
























