
Biznesga elektr eneregiyasi va gaz uchun to‘lovlarni onlayn to‘lashga ruxsat berildi
Yuridik shaxslar mobil ilovalarda to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda yuridik shaxslarga kommunal to‘lovlarni mobil ilovalar orqali onlayn to‘lashga ruxsat beriladi. Bu bo‘yicha 13-mart kuni Adliya vazirligi tomonidan Markaziy bank boshqaruvi raisining tegishli buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, 2021-yilning aprel oyida regulyator boshqaruvi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risida nizomiga qo‘shimcha kiritildi.
Endilikda yuridik shaxslar mobil ilovalar orqali elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
2024-yilning dekabr oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan belgilangan yo‘l xaritasida yuridik shaxslarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarni korporativ kartadan mobil ilovalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish tizimini joriy etish belgilangandi.
Bu bo‘yicha Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hududgazta’minot»ga normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, joriy yilning fevraligacha kiritish vazifasi qo‘yilgandi.
Soʻnggi yangiliklar







