
Fransiya va Yaponiya O‘zbekistonda uran qazib olishga 214 mln dollar yo‘naltiradi
Joriy yil oxirigacha Jongeldi konida ishlarni boshlash rejalashtirilmoqda. Yillik uran qazib olish o‘rtacha 500 tonnani tashkil etishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida mamlakatning “Orano” guruhi va “Navoiyuran” korxonasi o‘rtasida yangi konni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Loyihaga yangi hamkor — Yaponiyaning “Itochu Corporation” savdo va investitsiya guruhi ham qo‘shiladi.
Uch tomonlama kelishuv 2025-yil yakunigacha Navoiy viloyatining Tomdi tumani hududida joylashgan “Jongeldi” konida uran ishlab chiqarishni boshlashni nazarda tutadi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu bilan birga, ushbu kelishuv doirasida Fransiya kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan boshqa loyihalarda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish belgilanmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, “Jongeldi” konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichida umumiy kapital qo‘yilmalar miqdori 3 yil davomida $214 mlnni hamda yillik uran qazib olish o‘rtacha 500 tonnani tashkil etishi kutilmoqda.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, “Jongeldi” koni asosiy sarmoyadorlari xorijiy kompaniyalar bo‘ladi. Uran qazib olish tannarxini qisqartirish hamda loyiha doirasidagi ishlab chiqarish jarayonlarini mavjud sanoat quvvatlariga integratsiya qilish maqsadida loyihaning boshqaruvchi operatori “Navoiyuran” davlat korxonasi etib belgilanmoqda.
“Janubiy Jongeldi»dagi tasdiqlangan uran zaxiralari yillik 700 tonnalik eng yuqori hajmda 10 yildan ortiq vaqt davomida qazib olish imkonini beradi. Bundan tashqari, qo‘shma korxonaning resurs bazasini ikki baravar oshirish uchun geologik tadqiqotlarni davom ettirish rejalashtirilgan.
Soʻnggi yangiliklar







