
Toshkentning ikki tumanida reklama peshlavhalarida davlat tili talablari buzilgani aniqlandi
Tekshiruvlar hokim maslahatchilari tomonidan tuman ishchi guruhlari a’zolari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Toshkentdagi reklama peshlavhalarida davlat tili talablariga rioya qilinmagani aniqlandi, deya xabar berdi mahalliy hokimliklar matbuot xizmatlari.
Chilonzor tumanida hokim maslahatchisi B. Ziyoviddinov ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi chet tillarda yozilgan reklama e’lonlari, peshlavhalar va axborot matnlarining “Davlat tili to‘g‘risida“gi hamda “Reklama to‘g‘risida“gi qonunlar talablariga muvofiqligi o‘rganildi.
Davlat tilini rivojlantirish departamentining Telegram kanalida xabar berilishicha, Yakkasaroy tumanida hokim maslahatchisi D.Rasulova ham joylardagi reklama e’lonlari va peshlavhalarni xuddi shu tarzda tekshiruvdan o‘tkazgan.
“Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi, reklama mazmunining tarjimasi esa muayyan talablarga rioya etilgan holda boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.
E’lon qilingan suratlardan ko‘rinib turibdiki, aksariyat reklama peshlavhalari rus tilida yozilgan ekan. Shu bois, ularning egalari peshlavhalarni yo olib tashlashga, yo matnni o‘zbek tiliga o‘girishga majbur bo‘lgan.
12-mart kuni Shayxontohur tumanida tashqi reklama obyektlari davlat tili talablariga muvofiqligi tekshirildi. “Reklama to‘g‘risida»gi qonunni buzgan tadbirkorlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi. Tuman hokimligi bunday reydlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda reklamalarda davlat tili talablari buzilishi holatlari haqida xabarlar ko‘payib bormoqda. Yanvar oyida “Milliy tiklanish” fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zining Telegram-kanalida barcha tashqi yozuvlar, e’lonlar va ko‘rsatmalar o‘zbek tilida bo‘lishi, davlat tiliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarishi kerakligini aytgandi.
Soʻnggi yangiliklar







