
Joriy yilgi qabul uchun test topshiriqlari soni va baholash tartibi tasdiqlandi
Abituriyentlarga jami 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘i beriladi hamda 189 ballgacha to‘plash mumkin.

2025/2026-o‘quv yili qabuli uchun test sinovi topshiriladigan fanlar bo‘yicha topshiriqlar soni va baholash mezoni tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha vazirlikning tegishli buyrug‘i qabul qilindi hamda baholash talablari o‘tgan yilgi tartibda o‘zgarishsiz qoldi. Hujjat mamlakat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar uchun test topshiriqlari soni hamda baholash tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan uchun baholash tartibi quyidagicha:
- ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) x 10 ta;
- matematika x 10 ta;
- o‘zbekiston tarixi x 10 ta.
Bunda jami 30 ta savol uchun 1,1 balldan jami 33 ball hisoblanadi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan 2 ta fan bo‘yicha esa quyidagicha:
- 1-fan — 30 ta savol x 3,1 ball = 93 ball;
- 2-fan — 30 ta savol x 2.1 ball = 63 ball.
- Bunda jami 60 ta savol uchun jami 156 ball beriladi.
Joriy yilgi qabulda abituriyentlarga umumiy 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball jami 189 ballni tashkil etadi.
Bundan avval vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan kirish test sinovlarida abituriyentning bilimini baholash uchun javoblar varaqasi namunasi tasdiqlangandi.
Soʻnggi yangiliklar







