
Toshkentda voyaga yetmagan bolalari bilan tilanchilik qilayotgan ayol qo‘lga olindi
Poytaxtning Mirobod tumanida uch nafar voyaga yetmagan bolasi bilan tilanchilik qilayotgan ayol qo‘lga olindi. IIBBga ko‘ra, u ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamoat tartibini buzgan. Ayolga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Toshkent shahri Mirobod tumanida 11-mart kuni ayol voyaga yetmagan farzandlari bilan birgalikda tilanchilik qilib yurgani uchun qo‘lga olindi. Poytaxt IIBB holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 36 yoshli fuqaro X.A. (muqaddam bir necha bor sudlangan) o‘zining uch nafar voyaga yetmagan farzandlaridan (2015, 2020 va 2022-yillarda tug‘ilgan) foydalanib, ularning sog‘lom hayot kechirishi, ta’limga jalb qilinishini ta’minlamasdan, tilanchilik bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Mazkur huquqbuzarlikni to‘xtatish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida PPX xodimlari ushbu ayolni yaqin oradagi IIBga taklif qilishgan. Biroq fuqaro ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibini buzgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 188−3-moddasi (Tilanchilik qilish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Uch nafar voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Videotasvirda aks etgan holatda xodimlarning harakatiga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.










Soʻnggi yangiliklar







