
Buxoroda tarixiy tangalar, ko‘krak nishonlari va zargarlik buyumlarini olib chiqishga urinish to‘xtatildi
Buxoro aeroportida qimmatbaho metallardan yasalgan 37 dona zargarlik buyumi hamda tarixiy ahamiyatga ega 16 dona ko‘krak nishoni va tangalarni noqonuniy olib chiqishga urinish to‘xtatildi.

Buxoro aeroportida qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari hamda madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda xorijga olib chiqishga urinish bartaraf etildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tafsilotlarga ko‘ra, Buxoro — Sankt-Peterburg yo‘nalishidagi aviareys orqali xorijga uchib ketmoqchi bo‘lgan fuqaro umumiy qiymati 165 million so‘m bo‘lgan zargarlik buyumlarini bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etmagan.
Natijada olib chiqish me’yoridan ortiqcha bo‘lgan jami 37 dona, og‘irligi 226,04 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlari hamda tarixiy ahamiyatga ega 16 dona ko‘krak nishonlari va tangalar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli tartibda ish olib borilmoqda.
Soʻnggi yangiliklar







