Mart oyida qanday ob-havo kuzatilishi prognoz qilindi
O‘rtacha oylik havo harorati me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

“O‘zgidromet” O‘zbekistonda mart oyida qanday ob-havo kutilayotganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha mart oyining birinchi o‘n kunligi boshida nisbatan sovuq havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat asosan kechalari 3 daraja sovuq-2 daraja iliq bo‘ladi, kunduz kunlari 7-10 daraja iliqdan 0-3 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
2-3 mart kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Respublika shimolida 1-mart kuni qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari 2-7 daraja sovuqdan 7-12 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqdan 3-8 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
Birinchi o‘n kunlikning ikkinchi yarmida havo harorati me’yoriy qiymatlargacha – kechalari 3-8 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja iliqqacha ko‘tariladi. 8-10 mart kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yana yog‘ingarchilik (yomg‘ir ko‘rinishida) bo‘lishi kutilmoqda.
Keyinchalik mart oyining oxirigacha harorat kechalari 7-12 daraja iliqdan 2daraja sovuq-3 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 17-22 daraja iliqdan 5-10 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublika janubida eng iliq kunlarda havo harorati 25-27 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Jahon prognozlash markazlari hisoblariga asoslanib, O‘zgidrometning dastlabki hisoblariga ko‘ra, umuman mart oyi biroz iliq oy deb baholanmoqda. O‘rtacha oylik havo harorati me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Soʻnggi yangiliklar







