25 Fevral 2025, 13:58 Oʻzbekiston

Dubayda qiyin vaziyatda qolgan o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatildi

Unga xayriya tashkiloti koʻmagida “Dubay — Toshkent” aviaqatnoviga chipta olib berilgan hamda Oʻzbekistonga kuzatib qoʻyilgan.

Dubayda qiyin vaziyatda qolgan o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatildi

Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotlarga koʻra, Dubayda qiyin ahvolga tushib qolgan 1957-yilda tugʻilgan N.J. Oʻzbekistonga qaytishi va yillar davomida toʻplanib qolgan qarzdorligini bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan.

Maʼlum boʻlishicha, u 1996-yilda Dubay shahriga mavsumiy ishlash maqsadida kelgan va turli savdo rastalarida ishlagan. 2001-yildan 2025-yilga qadar hamyurtimiz turli sabablarga koʻra Amirliklar hududida noqonuniy yashab kelgan.

Birinchi navbatda Bosh konsulxona tomonidan vatandoshga konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi va vaqtincha turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlandi.

Surishtiruvlar davomida vatandoshning noqonuniy yashab kelayotgan muddatida jami 901 ming 600 dirham (247 ming 13 AQSh dollari) qarzi toʻplanib qolgani va ushbu mablagʻlar toʻlanmaguncha BAA hududini tark eta olmasligi maʼlum boʻldi.

Bosh konsulxona xodimlari tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida N.J.ning barcha qarzlaridan voz kechish va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Joriy yilning 15-fevral kuni Bosh konsulxona diplomatlari va “Ayollar va bolalarga yordam koʻrsatish markazi” xayriya tashkiloti koʻmagida unga “Dubay — Toshkent” aviaqatnoviga chipta solib berilib hamda Oʻzbekistonga kuzatib qoʻyildi.

Mashhur yangiliklar