25 Fevral 2025, 11:58 Oʻzbekiston

Chetda ishlayotganlar ham O‘zbekistonda ipoteka olishi mumkin bo‘ladi

Chet elda vaqtincha ishlayotganlarga ham O‘zbekistonda ipoteka olish imkoni beriladi.

Chetda ishlayotganlar ham O‘zbekistonda ipoteka olishi mumkin bo‘ladi

Chetga ishlashga ketgan fuqarolarga ham O‘zbekistonda ipoteka krediti olish imkoniyati beriladi. Bu prezidentning 21-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da belgilandi.

Unga ko‘ra, chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar va salbiy kredit tarixiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ipoteka krediti va subsidiyadan foydalanish imkoniyatini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu vazifa Markaziy bankka topshirilgan bo‘lib, ijro muddati etib 2025-yil 1-aprel ko‘rsatilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham ushbu sanagacha ipoteka kreditini ajratishda banklarning xatarlarini kamaytirishga xizmat qiluvchi davlat ipoteka kafolatini taqdim etish mexanizmini joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi lozim.

Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birga ko‘p kvartirali uy-joylardagi yangi turar va noturar joylarni qurilish tashkilotlaridan to‘lovni tijorat banki orqali amalga oshirib sotib olgan fuqarolarga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining bir qismini keshbek sifatida qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqish va Prezident administratsiyasiga kiritishi belgilandi.

Mashhur yangiliklar