21 Fevral 2025, 10:15 Oʻzbekiston

AQShdan deport qilingan oʻzbekistonliklar Nyu-York—Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Amerika tomoniga Kosta Rika va Panamaga yuborilayotgan oʻzbekistonliklar haqida maʻlumot soʻrab murojaat qildi.

AQShdan deport qilingan oʻzbekistonliklar Nyu-York—Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi

Turli ommaviy axborot vositalarida Amerika Qoʻshma Shtatlarida noqonuniy boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari boshqa mamlakatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida maʼlumotlar eʼlon qilinmoqda. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxonov TIV mazkur axborotlarni kuzatib borayotganini maʼlum qildi.

Bildirilishicha, Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi uzoq yillardan buyon Oʻzbekiston fuqarolarining Vatanga xavfsiz deportatsiyasini taʼminlash maqsadida AQShning tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Kelishuvlarga asosan, Amerika tomoni deportatsiya qilinadigan oʻzbekistonlikning har bir holati haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi. Oʻrnatilgan amaliyotga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari Vatanga Nyu-York—Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi.

“OAVda Oʻzbekiston fuqarolarining boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi maʼlumotlarni kuzatib boryapmiz”, deb yozadi TIV vakili.

Uning qoʻshimcha qilishicha, ushbu masala yuzasidan diplomatik Oʻzbekiston vakolatxonalari Amerika tomonidan boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida maʼlumot berishni soʻrab murojaat qilgan. Bundan tashqari, bu borada Lotin Amerikasi davlatlari bilan ham diplomatik kanallar orqali aloqalar oʻrnatilgan.

Mashhur yangiliklar