Sirdaryoda Qizil kitobga kiritilgan burgutni tutqunlikda saqlagan shaxs jarimaga tortildi
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston hududida taxminan 200 juft burgut yashaydi.

Sirdaryo viloyatida fuqaro Qizil kitobga kiritilgan burgutni noqonuniy tarzda saqlab kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda tuman Ichki ishlar boʻlimi tomonidan kelib tushgan murojaat asosida oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganish davomida Boyovut tumanida fuqaro Y.A. tomonidan yirtqich qush — Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan burgut noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 92-moddasi boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, unga BHMning 5 baravari — 1 million 875 ming soʻm miqdorida jarima belgilandi.
“Qush tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganidan soʻng tabiat bagʻriga qoʻyib yuboriladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Мавзуга оид хабарлар:
Soʻnggi yangiliklar







