6 Fevral 2025, 15:02 Jahon, Oʻzbekiston, Sport

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi dronlari ishlab chiqarilishi mumkin

Malayziyaning Meraque kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun dronlar ishlab chiqarishi mumkin.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi dronlari ishlab chiqarilishi mumkin

Malayziyaning Meraque kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining aqlli texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar qilmoqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Ishlab chiqarishni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida tashkil etish ko‘zlanmoqda.

Bu borada vazirlik vakillari, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari rahbarlari, shuningdek, klasterlar vakillaridan iborat delegatsiyaning Kuala-Lumpurga tashrifi chog‘ida kelishuvga erishildi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Meraque O‘zbekistonda 1000 ta ish o‘rni va 100 ming gektar qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadigan ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun uch yil davomida 20 mln Malayziya ringgiti (taxminan 4,5 mln dollar) sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Bundan tashqari, kompaniya mintaqadagi texnologik takomillashtirish uchun yana 30 mln ringgit (6,78 mln dollar) jalb qilmoqchi.

Tomonlar, shuningdek, 100 ming fermerning samaradorligi va barqarorligini oshirish uchun qishloq xo‘jaligida dronlar ekotizimini yaratish siyosatini ishlab chiqadi. Shuningdek, Meraque dron operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘quv dasturlari orqali o‘qitish va bilim almashishga e’tibor qaratadi.

Mashhur yangiliklar