29 Yanvar 2025, 10:15 Jahon, Oʻzbekiston, Sport

Uzbekistan Airways Yevropaga parvozlar marshrutini o‘zgartirdi

Uzbekistan Airways Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) hisobotidan so‘ng Yevropaga parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirdi.

Uzbekistan Airways Yevropaga parvozlar marshrutini o‘zgartirdi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining samolyotlari 20-yanvardan boshlab Yevropa mamlakatlariga parvoz yo‘nalishida Rossiya ustidan o‘tmayapti. Bu haqda “Daryo” manbasi kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulovga tayanib xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, bu qaror Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligining Rossiyaning Yevropa hududi ustidagi parvozlarning xavfsiz emasligi to‘g‘risidagi hisobotidan so‘ng qabul qilingan. Endi Uzbekistan Airways yo‘nalishlari pastdan, aniqrog‘i, Ozarbayjon va Turkiya orqali amalga oshirilmoqda.

“Tabiiyki, bu reysni bir tomonga 30−40 daqiqaga uzaytiradi va kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak”, deydi Shuhrat Xudoyqulov.

Uning aytishicha, aviakompaniyaning parvozlarni boshqarish markazi doimiy ravishda havo bo‘shlig‘idagi vaziyatni tahlil qilmoqda.

“Aytish mumkinki, har soniyada tahlil o‘tkazilmoqda. Agar vaziyat xavfli deb baholansa — bizning reyslarimizda o‘rtacha 200 nafar yo‘lovchi bor va biz har biri uchun javobgarmiz — yo‘nalishni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, bu haqda dispetcherlar darhol uchuvchilarga ko‘rsatma beradi”, deb taʼkidlagan Xudoyqulov.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston hududida Azerbaijan Airlines samolyoti halokatidan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri rahbarligida komissiya tuzilgan va shoshilinch muhokama o‘tkazilgan.

Yo‘nalishlar ular amalga oshirilishidan ancha oldin ishlab chiqiladi va kelishib olinadi, qarorlarni aviakompaniyaning o‘zi emas, balki mamlakatning aviatsiya maʼmurlari qabul qiladi.

“Biz bunga jiddiy eʼtibor qaratmoqdamiz. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining barcha hududlarga barcha reyslari maksimal xavfsizlikni taʼminlash sharti bilan amalga oshirilmoqda”, deya qo‘shimcha qiladi Shuhrat Xudoyqulov.

Mashhur yangiliklar