Payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi
O‘zbekistonda haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi.
Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni “Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Hujjat sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, xususiy sport klublari hamda mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlarning yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullantirish borasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.
Qaror bilan Sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining haftaning har payshanba kunini jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.
- sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;
- sport maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;
- har bir ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktiriladi;
- ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner o‘ziga biriktirilgan hududda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazib borishga mas’ul hisoblanadi.
Sport vazirligining 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini yangicha tartibda tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi:
- olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;
- mahorat maktablari faoliyati sport turlari bo‘yicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yo‘naltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;
- mahorat maktablari o‘quvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda 7−11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;
- mahorat maktablari o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi;
- mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan ta’minlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi.
Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri Adham Ikramov belgilandi. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bosh vazir Abdulla Aripov va prezident Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov zimmasiga yuklandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Yangi yil bayramida dam olish kunlari belgilandi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va bo‘limi boshlig‘i lavozimi tugatiladi O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi Andijon davlat texnika instituti tashkil etiladi Fan olimpiadalari g‘oliblari olgan mukofotlari daromad solig‘idan ozod etiladi