30 Noyabr 2024, 11:28 Oʻzbekiston

Xorazmda tadbirkorga 10 mlrd so‘m kredit ajratib berishni aytgan shaxslar ushlandi

Xorazm viloyatida bankdagi tanishlari orqali tadbirkorga 10 mlrd so‘m kredit ajratib berishni aytgan shaxslar qo‘lga olindi.

Xorazmda tadbirkorga 10 mlrd so‘m kredit ajratib berishni aytgan shaxslar ushlandi

Xorazm viloyati va Toshkent shahrida kredit mablag‘lari ajratilishiga yordam berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Tashkilotning Bog‘ot tumani bo‘limi o‘tkazgan tezkor tadbirda I.Yu. va X.N. ismli shaxslar qo‘lga tushgan. Aniqlanishicha, ular tadbirkor S.M.ning ishonchiga kirib, o‘zlarini go‘yoki bank xodimi sifatida tanishtirgan va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishi hamda subsidiya asosida uy-joy olishi uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida 10 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilishida yordam berishini aytgan. Ular xizmati evaziga 110 ming dollar talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqarolar D.M. (muqaddam sudlangan) va J.I. 5000 dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ular D.Ph. MChJning ta’sischisi va rahbari N.I.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki bankda ishlovchi tanishlari yordamida 1 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratib bermoqchi bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar