Samarqandda 3-sinf o‘quvchisini avtobus urib yubordi
Hodisa oqibatida voyaga yetmagan piyoda voqea joyida halok bo‘lgan.
Samarqand shahrida avtobus haydovchisi yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodani urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, holat 14-noyabr kuni soat taxminan 08:00 atrofida Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan. Haydovchi F.S. Isuzu jamoat transportini boshqarib ketayotib, 12-maktab yaqinida yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga o‘tayotgan 3-cinf o‘quvchisini urib yuborgan. YTH oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Jinoyat protsessual kodeksining 211-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.