12 Noyabr 2024, 15:22 Jahon, Oʻzbekiston

Bu miqdor Qozog‘istonning janubiy viloyatlarini 2025 yilgi sug‘orish mavsumi uchun suv bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

2025-yil apreligacha Qozogʻistonga Sirdaryodan 11 milliard kub metr suv vaʻda qilindi. Bunday qaror Ashxoboddagi yigʻilishda qabul qilindi, deb xabar berdi Vlast.kz Qozogʻiston suv xoʻjaligi va irrigatsiya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Qayd qilinishicha, vazir Nurjan Nurjigitov Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston vakillari bilan muzokaralar olib borgan. Qirgʻiziston kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

Rejaga koʻra, 1-aprelga qadar Chordara suv omboriga kerakli hajmdagi suv quyiladi, bu esa Qozogʻistonning janubiy viloyatlarini 2025-yilgi sugʻorish mavsumi uchun suv bilan taʻminlaydi.

“86-yigʻilish yakunlari boʻyicha amalga oshirilgan qoʻshma ishlarni ijobiy qayd etmoqchiman. Xususan, Qirgʻiziston bilan suv-energetika sohasida hamkorlik boʻyicha kelishuvlar amalga oshirilib, joriy yilning sugʻorish davrida Bahri-Tojik suv omboridan foydalanishni muvofiqlashtirish choralari koʻrildi”, dedi Nurjigitov.

Bundan tashqari, yigʻilish ishtirokchilari Sirdaryo va Amudaryodagi suv havzalarining ishlash jadvallarini tasdiqladi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yaqinlashib kelayotgan kuz-qish mavsumi uchun suv taʻminoti limitini taqsimladi.

Komissiyaning navbatdagi yigʻilishi 2025-yil birinchi choragida oʻtkazilishi rejalashtirilgan va u Tojikistonda, Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadi.

Mashhur yangiliklar