Ulugʻbek Qosimov ham Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqlandi
Deputat Abduraim Choriyev esa xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi raisi etib saylandi.
Bugun, 7-noyabr kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining VII chaqiriq, birinchi sessiyasi oʻtkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Unda viloyat Hududiy saylov komissiyasi raisi Zebiniso Alimardonovaning joriy yil 27-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylov yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti tinglangan.
Sessiyada 14-Alpomish saylov okrugidan saylangan deputat Choriyev Abduraim Ravshanovich xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi raisi etib saylangan.
Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari roʻyxatdan oʻtkazilib, viloyat Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.
Maslahatlashuvda Prezidentimiz tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga Ulugʻbek Qosimov nomzodi koʻrsatilganligi bildirildi. Nomzod boʻyicha partiyalar guruhlari ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Nomzod deputatlarga viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboliga moʻljallangan oʻz dasturini taqdim etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashining VII chaqiriq birinchi sessiyasi qarori bilan Qosimov Ulugʻbek Berdiqobilovich nomzodi Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqlangan.