Tramp o‘zini AQShning 47-prezidenti deb e’lon qildi
AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp o‘zini yangi prezident deb e’lon qildi.
Respublikachilardan nomzod Floridada yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirib, o‘z nutqini boshladi. U o‘zi va uning tarafdorlari “tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritganini” aytdi va har kuni “saylovchilar uchun kurashishga” va’da berdi.
U o‘z nutqida ovozlarni sanash hali tugamagan bo‘lsa-da, o‘zini AQShning 47-prezidenti deb atadi.
Bu Amerika xalqining hayratlanarli g‘alabasi bo‘lib, bizga Amerikani yana buyuk qilish imkonini beradi. Amerika bizga misli ko‘rilmagan va kuchli mandat berdi, dedi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, respublikachilar AQSh Kongressi senatida ko‘pchilikni qo‘lga kiritgan.
Tramp bilan birga respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens ham maydonga chiqdi. Shuningdek, u yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirib, g‘alaba qozonganini ma’lum qildi.
O‘ylaymanki, biz AQSh tarixidagi eng buyuk siyosiy kambekning guvohi bo‘ldik, dedi Vens.
Donald Tramp AQSh prezidenti saylovida yetakchilik qilmoqda. Respublikachilarni qo‘llab-quvvatlovchi Fox News telekanali Trampga 277 saylovchining ovozini, Associated Press va The New York Times — 267, CNN va NBC News — 266 ovoz berdi. Demokratlar nomzodi Kamala Harris, Fox News prognoziga ko‘ra, saylovchilarning 226 ovozini oldi. Harrisga AP — 224, NYT — 214, CNN — 188, NBC News — 194 ovoz berdi.