Ikki viloyatda kuchli taʼsir qiluvchi dorilar savdosi bilan shugʻullanuvchilar ushlandi
Hozirgi kunda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Fargʻona va Toshkent viloyatlarida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Margʻilon shahri boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida Fargʻona shahri Maʼrifat MFY hududida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro B.A. xaridorga 3 turdagi jami 990 ta kapsuladagi inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 5,6 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi holat Departamentning Boʻka tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida Ohangaron shahri, Amir Temur koʻchasida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan. Dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan I.I. (muqaddam sudlangan) ismli fuqaro A.J.ga 100 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 4 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Farg‘onada 2,6 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan ohak sexi aniqlandi Qoraqalpog‘istonning uchta tumanida 339 mln so‘mlik energiya resurslaridan noquniy foydalanildi Fargʻonadagi ovqatlanish shoxobchasida qoʻlbola aroq sotilayotgani aniqlandi Farg‘onada ETKning antikorrupsiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi