Toshkent aeroporti yaqinidagi yangi yo‘l o‘tkazgich ishga tushirildi
Prezident Toshkent aeroporti yaqinidagi yangi yo‘l o‘tkazgichni masofadan turib ishga tushirdi.
Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr kuni Toshkentning Bobur ko‘chasida poytaxt xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
O‘tish joyining yarmi o‘tgan yilning noyabr oyida ochilgan edi. O‘shanda yo‘l o‘tkazgichning mustahkamligini sinash uchun u bo‘ylab umumiy og‘irligi 300 tonna bo‘lgan harbiy tanklar va tirkamalar tashilgan.
Yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 702 metr, eni 46 metrni tashkil etadi. Kichik halqa yo‘li va Sodiq Tolipov ko‘chasiga tutashgan ikkita aylana va to‘rtta yoysimon chiqish yo‘llari qurildi.
Bu qayrilib olishga hojat qoldirmay, avtomobillar harakatini osonlashtirdi. Ushbu transport bog‘lamasi 1 soat ichida 5 mingta, bir kecha-kunduzda 132 mingta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ldi.
Yo‘l o‘tkazgichda birinchi marta muhandislik inshootlarini monitoring qilish tizimi joriy etildi. Bu ko‘priklardagi strategik nuqtalarda elektron uzatgichlar o‘rnatishni o‘z ichiga oladi. Ular orqali mustahkamlik va xavfsizlik darajasi doimiy nazorat qilib boriladi
Aeroport yaqinidagi temiryo‘l orqali o‘tuvchi yo‘l o‘tkazgich 1967 yilda qurilgan. 2008 yilda bu yerda rekonstruksiya ishlari olib borilgandi, natijada u to‘rttadan olti qatorga kengaytirildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi Toshkent shahri transport bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi Farg‘ona aeroporti vaqtincha yopildi Toshkentdagi ikkita koʻchada harakat qariyb 20 kunga cheklanadi Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi