26 Oktabr 2024, 08:53 Oʻzbekiston

Fargʻonada fuqaro suv taʼminoti xodimini urib jagʻini sindirdi

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Fargʻonada fuqaro suv taʼminoti xodimini urib jagʻini sindirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda suv taʼminoti xodimi va fuqaro oʻrtasida janjal yuzaga kelgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Fargʻona suv taʼminoti” AJ axborot xizmati maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, voqea Fargʻona viloyati Margʻilon shahri Sarmazor MFY hududida sodir boʻlgan. Ushbu mahalladagi xonadonlardan birida yashovchi fuqaroning isteʼmol etilgan ichimlik suvidan 1,7 mln soʻm miqdorida qarzdorligi mavjudligi aniqlangan.

Mavjud qarzdorlikni undirish maqsadida “Fargʻona suv taʼminoti” AJ Margʻilon shahar boʻlimi aholi nazoratchisi X.A. isteʼmolchi xonadoniga borgan. Muloqot jarayonida yuzaga kelgan janjal oqibatida nazoratchi X.A.ning pastki jagʻ qismi sinib, unga ogʻir tan-jarohati yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar