23 Oktabr 2024, 14:21 Oʻzbekiston

Fargʻonada 414 dona suyultirilgan gaz balloni yashirilgan “bunker”lar aniqlandi

Buvayda tumanida 414 dona suyultirilgan gaz ballonini talon-toroj qilish holati fosh etildi.

Fargʻonada 414 dona suyultirilgan gaz balloni yashirilgan “bunker”lar aniqlandi

Fargʻona viloyati Buvayda tumanida 414 dona suyultirilgan gaz ballonini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 14-oktyabr kuni Buvayda tumanida oʻtkazilgan reyd tadbirida tumanning Dehqonobod va Doʻstlik MFYlarida suyultirilgan gaz ballonlarini noqonuniy saqlash uchun moʻljallangan “bunker”lar aniqlandi.

Xususan, Dehqonobod MFYda fuqaro A.T.ga tegishli noturar joyda 69 ta, fuqaro E.F. xonadonida 35 ta “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminotiga tegishli maishiy gaz ballonlari topilgan. Fuqaro A.K. mahalladagi noturar joyda “bunker” tashkil qilgan va u yerda 110 ta maishiy gaz balloni aniqlangan.

Shuningdek, Doʻstlik MFYda joylashgan fuqaro A.T.ga tegishli noturar joyda T.H. tomonidan “bunker” tashkil etilgan holda, 200 dona gaz balloni saqlanayotgani maʼlum boʻlgan.

“Tadbirlar davomida jami 414 dona (314 tasi suyultirilgan gaz bilan toʻldirilgan) maishiy gaz ballonlaridagi 6,2 ming kg suyultirilgan gaz mahsuloti talon-toroj qilinishining oldi olindi”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan va barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

Mashhur yangiliklar