22 Oktabr 2024, 17:17 Oʻzbekiston, Jahon

Rossiyalik jurnalist Toshkentdagi mehmonxonadan oʻlik holda topildi

Rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya va uning hamrohi Toshkentdagi mehmonxonadan oʻlik holda topildi.

Rossiyalik jurnalist Toshkentdagi mehmonxonadan oʻlik holda topildi

Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya Toshkent shahridagi mehmonxonalardan birida oʻlik holda topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Unga koʻra, joriy yilning 20-oktyabr kuni Mirobod tumanida joylashgan mehmonxonada Rossiya fuqarolari 1979-yilda tugʻilgan Radchenko Maksim va 1977-yilda tugʻilgan Papernaya Inessa Viktorovnalarning vafot etgani aniqlangan.

Bundan tashqari, ushbu mehmonxonadagi boshqa xonaning yuvinish xonasidan 1976-yilda tugʻilgan Oʻzbekiston fuqarosi U.X. ham hayot alomatlarisiz topilgan.

Dastlabki sud tibbiy tashxisiga koʻra, marhumlarning oʻlimi nomaʼlum etiologiyali zaharlanishdan kelib chiqqanligi koʻrsatilgan, deydi Shamsutdinov.

Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishini qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maʼlumot uchun, rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya “Lenta” nashri va “Profil” jurnalida faoliyat yuritgan.

“Baza” Telegram kanalida xabar berilishicha, jurnalist Oʻzbekistonga dam olish uchun kelgan. U hamrohi bilan “Karaman Palace” mehmonxonasiga joylashgan boʻlgan. Nashrning yozishicha, hodisa yuz berganidan soʻng “Karaman Palace” mehmonxonasi muhrlangan, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar