19 Oktabr 2024, 19:24 Oʻzbekiston

Ijtimoiy himoya agentligiga yangi vakolat berildi

Prezident imzolagan qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga yangi vazifa yuklatildi.

Ijtimoiy himoya agentligiga yangi vakolat berildi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qonun bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatishga, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilashga, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi, shuningdek o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, umrbod taʼminlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, shuningdek vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi maʼlumotlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etilishi belgilanmoqda.

Mashhur yangiliklar