14 Oktabr 2024, 08:51 Oʻzbekiston

Umra litsenziyasini olish uchun yangi talablar e’lon qilindi

Turfirmalar Umra litsenziyasini olish uchun 1 mln dollarni maxsus jamg‘armaga zaxira qilishi kerak bo‘ladi.

Umra litsenziyasini olish uchun yangi talablar e’lon qilindi

12-oktabr kuni Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi 668-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur qaror “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun litsenziya olish talablarini belgilash, ziyoratchilarga amallarni munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sifatli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlashga” qaratilgan.

Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziya yakka tartibdagi litsenziya turi hisoblanadi hamda litsenziyalarni berish tanlov asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 5-oktabrdan amalga oshiriladi.

Qo‘mitaga ko‘ra, quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:

  • ziyoratchilarga guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
  • shtatida diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;
  • voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
  • 1 mln dollar miqdordagi mablag‘ni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
    o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
  • ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat Umra vizasini rasmiylashtirish (qolgan vizalar bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi).

Bundan tashqari, Umra xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish kerak.

Shu bilan birga, ziyoratchilarga Umra amallarini bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli Umra xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish lozim.

Mashhur yangiliklar