8 Oktabr 2024, 16:45 Oʻzbekiston, Jahon

Turkiyada 6 nafar o‘zbekistonlik ayol 18 kg oltin quymalari bilan ushlandi

Turkiya aeroportida 18 kg oltin quymalarini noqonuniy olib o‘tishga uringan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi.

Turkiyada 6 nafar o‘zbekistonlik ayol 18 kg oltin quymalari bilan ushlandi

Turkiyaning Izmir shahridagi aeroportda oltin quymalarini noqonuniy olib o‘tishga uringan 6 nafar o‘zbekistonlik ayol ushlandi. Bu haqda Turkiyaning IHA agentligi xabar berdi.

Kontrabandaga qarshi kurash boshqarmasi ayollarning oltin olib kirishga urinishi haqida oldindan ma’lumotga ega bo‘lgan. 2-oktyabr kuni aeroportdan chiqishda ular qo‘lga olingan. Shuningdek, ularni kutib olishga mashinada kelgan erkak ham ushlangan.

Avtomobil va ayollarni ko‘zdan kechirish chog‘ida har biri 110 grammlik 82 dona oltin quymalari, 18 dona o‘yin pristavkalari (Playstation), shuningdek, 3 dona smartfon topilgan.

Sud qarori bilan qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilganida esa ayollar jinsiy azosida 84 dona oltin quymalari yashirilgani aniqlangan. Jarrohlik yo‘li bilan chiqarib olingan oltin quymalarining umumiy og‘irligi 9,2 kilogrammni tashkil etgan.

Ulardan olib qo‘yilgan oltin quymalarining jami og‘irligi 18 kilogramm 500 grammni tashkil etib, qiymati 55 million turk lirasi (yoki 1,5 million dollar)ga baholanmoqda.

Qo‘lga olinganlarning barchasi Izmir sudi tomonidan hibsga olingan.

Mashhur yangiliklar