8 Oktabr 2024, 15:32 Oʻzbekiston, Jahon

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Britaniyadagi musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi

O‘zbekistonlik harbiylar Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Britaniyadagi musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi

4−7-oktabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelsda (Buyuk Britaniya) o‘tkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro harbiy musobaqasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”axborot agentligi.

Qayd etilishicha, musobaqada 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etgan.

Har bir jamoa 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, eng murakkab tabiiy va taktik to‘siqlarni yenggan. Har 8−10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operatsiyalari va murakkab joylarda yo‘nalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajargan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi o‘z guruhida 13 ta jamoa orasida birinchi o‘rinni egalladi. Ular barcha bosqichlarda muvaffaqiyatli tarzda zararlangan hududlardan o‘tib, taktik operatsiyalardagi mahoratini ko‘rsatib, marshrutni birinchilar safida yakunlagan.

Umumiy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Mashhur yangiliklar