4 Oktabr 2024, 19:24 Oʻzbekiston

Jizzaxda novvoyxona 106,6 mln soʻmlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Jizzaxda novvoyxona 106,6 mln soʻmlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Respublikaning ikki hududida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chust tumani boʻlimi va ETK xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda fuqaro Sh.S. Ariqboʻyi MFY hududida joylashgan yer maydoniga oʻrnatilgan suv nasosini elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan umumiy foydalanishdagi tarmoqqa ulab, jami 117 mln soʻmlik elektr energiyasidan oʻgʻirlik yoʻli foydalanganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Sharof Rashidov tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergov qadar tekshiruvda YATT F.Sh. va boshqalar novvoyxona faoliyatini yoʻlga qoʻyib, jami 106,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Mashhur yangiliklar