4 Oktabr 2024, 15:38 Oʻzbekiston

Toshkentdagi xususiy maktabda ikki oʻqituvchi 9-sinf oʻquvchisini kaltakladi

Holatga huquqiy baho berish uchun ish materiallari Jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tumani sudiga yuborilgan.

Toshkentdagi xususiy maktabda ikki oʻqituvchi 9-sinf oʻquvchisini kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar oʻqituvchi 9-sinf oʻquvchisini kaltaklagani tasvirlangan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, videolarda tasvirlangan voqea Toshkent shahri Olmazor tumanidagi xususiy maktabda sodir boʻlgan. Hozirda holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan

Tuman IIO FMB tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur xususiy maktabning 9-sinf oʻquvchisi Gʻ.J. (2008-yilda tugʻilgan)ga maktab oʻqituvchilari A.F. va N.M. tomonidan jismoniy kuch ishlatilgan. Tayinlangan sud tibbiy ekspertiza xulosasiga koʻra, Gʻ.J. ga yengil tan jarohati yetkazilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan A.F. va N.M. larning xatti-harakatlariga qonuniy chora koʻrish uchun mazkur ish materiallari Jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tumani sudiga yuborildi, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, Bolalar ombudsmani oʻz vakolatlari doirasida mazkur ish yuzasidan kuzatuvini davom ettiradi.

Mashhur yangiliklar