Qoraqalpog‘istonda yo‘lovchi poyezdida yong‘in chiqdi
Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Mangistau — Nukus yo‘lovchi poyezdi Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidan o‘tayotganida yong‘in yuz bergani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat 19-sentabr kuni Qozog‘iston Mangistau viloyatidan Nukusga qarab harakatlangan yo‘lovchi poyezdida sodir bo‘lgan. Soat 14:47 da teplovozning “B” seksiyasining turbokompressoridan uchqun chiqa boshlagan, bu esa vagonlararo tutashuvlarda maxsus rezina plastinalarning (sufle) yonishiga olib kelgan.
Mashinist tomonidan teplovoz harakat tarkibidan soat 14:50 da uzilib yong‘in bartaraf qilingan va soat 15:30 harakatni davomi ettirgan. Yuqorida keltirib o‘tilgan holat bo‘yicha fuqarolarga va yo‘lovchi vagonlariga shikast yetmagan.
Yo‘lovchi poyezd Nukus bekatiga soat 16:23 kirib kelgan (1 soat 3 daqiqa jadvaldan kech kirib kelgan).
Hodisa oqibatida mas’ul shaxslarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi va qolgan lokomotivlar yong‘in xavfsizligi bo‘yicha takroriy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Hozirda lokomotiv ta’mirlanib, foydalanishga tayyor, deyiladi xabarda.