18 Sentabr 2024, 14:20 Oʻzbekiston

Surxondaryodagi YTHda 19 yoshli uch yigit vafot etdi

Sariosiyo tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.

Surxondaryodagi YTHda 19 yoshli uch yigit vafot etdi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida 3 kishining o‘limi bilan yakunlangan YTH sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat YHXB matbuot xizmati buni tasdiqladi.

17-sentyabr kuni soat 03:15 larda viloyat IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Sariosiyo tumani, “Shabnam” MFY hududidan o‘tuvchi M41 avtomobil yo‘lining 1463 kilometrida 2004-yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan fuqaro Nexia-2 transport vositasini Denov—Sariosiyo yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelib, qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan, 2005-yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan haydovchi boshqaruvidagi “VAZ-2107” rusumli transport vositasi bilan to‘qnashgan.

Hodisa joyidan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “VAZ-2107” rusumli avtomobil salonida bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchi (haydovchining sinfdoshlari) vafot etib, ikkala avtotransport vositasidagi qolgan yo‘lovchilar tan jarohati olib tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Hozirda holat yuzasidan Sariosiyo tuman IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar