18 Sentabr 2024, 09:36 Oʻzbekiston

Jizzaxda aka-uka do‘kon ishchilarini kaltakladi

Zomin tumanida probatsiya nazoratida turgan shaxs va uning ukasi ikki kishini kaltakladi.

Jizzaxda aka-uka do‘kon ishchilarini kaltakladi

Jizzax viloyatining Zomin tumanida probatsiya nazoratida turgan shaxs va uning ukasi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi ikki xodimni kaltakladi. Bu haqda “Daryo” ma’lum qildi.

Jabrlanuvchining aytilishicha, u Zomin tumani Dashtobod shaharchasida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatib kelgan.

T.X. Labo’sini ta’mirlatish uchun do‘konimga olib keldi. Biz uni ta’mirlab berdik. Xizmat haqimiz ehtiyot qismlari bilan jami 1 million 700 ming so‘m bo‘ldi.

Ishni bitirganimizdan keyin T.X. pulni beravermagach undan xizmat haqimizni berishini so‘radim. U esa ukasi bilan kelib meni va ehtiyot qismlari soluvchi xodimni haqorat qilib, kaltaklab ketdi, dedi jabrlanuvchi.

Voqeadan keyin ichki ishlarga murojaat qilingan. Inspektor ishni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan malakalab sudga olib chiqqan. Sud esa T.X. va uning ukasining xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari bor, deb hujjatlarni prokuraturaga qaytargan.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatiga ko‘ra, haqiqatan ham T.X. tuman probatsiya xizmati nazoratida turgan. U Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan aybdor deb topilgan va 2 yil axloq tuzatish ishlari bilan jazolangan.

Mashhur yangiliklar