Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner 3,5 yilga qamaldi
Qoraqalpogʻistonda Buxoro bugʻusini noqonuniy ov qilgan shaxs 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Beruniy tumanida noqonuniy ravishda 1 bosh Xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘usini ovlagan shaxs jinoiy jazoga tortildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, sudlanuvchi R.J. 2024 yil 11 yanvardan 12 yanvarga o‘tar kechasi bug‘u ovlash maqsadida mototsiklida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining o‘tish zonasi hisoblangan “Qural-Risgul” fermer xo‘jaligi dala maydoniga borgan. Uning yonida tegishli ruxsatnomasiz, noqonuniy ravishda saqlab kelayotgan ov quroli bo‘lgan.
R.J. noqonuniy ov jarayonida 1 bosh Buxoro bug‘usini otib, nobud qilgan. Bu orqali u hayvonot dunyosiga 510 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.
Sud hukmi bilan R.J. Jinoyat kodeksining 202-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, R.J.dan davlat foydasiga 510 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zararni undirish, tergov organi tomonidan uning uyidan xatlangan 6,6 mln so‘mlik mulklar (televizor, konditsioner, muzlatkich va changyutgich)ni sotish orqali tushgan pulni zararni qoplashga qaratish belgilangan.
Мавзуга оид хабарлар:
Soxta havola orqali o‘zganing pullarini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi Kontrabandachilar O‘zbekistondan yuzlab toshbaqani yashirincha olib chiqmoqchi bo‘ldi Qoraqalpoq o‘tovi Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi Buxoroda Qizil kitobga kiritilgan baliqlarni noqonuniy ovlaganlar qamaldi Qoraqalpog‘istonda voyaga yetmagan ikki mahbus kattalar bilan bir kamerada saqlangani aniqlandi