29 Avgust 2024, 19:35 Oʻzbekiston

Prezident marhum akademik xonadoniga borib, oilasiga hamdardlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev marhum akademik Behzod Yo‘ldoshevning xonadoniga borib, oilasiga hamdardlik bildirdi.

Prezident marhum akademik xonadoniga borib, oilasiga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, Oliy Majlis Senati a’zosi, fan arbobi Behzod Yo‘ldoshev 28 avgust kuni vafot etgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ta’ziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Davlat rahbari marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Ular tashrifi va dalda so‘zlari uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, marhumning ezgu ishlarini, Vatan oldidagi xizmatlarini yodga oldi.

Behzod Yo‘ldoshev Oliy Majlis deputati, keyingi vaqtda Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib borib, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda fidoyilik ko‘rsatgan.

Akademik Behzod Yo‘ldoshev “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni bilan mukofotlangan.

Mashhur yangiliklar