Qiynoq oqibatida kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
O‘zbekistonda qiynoq oqibatida kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
“Qiynoqlarning oldini olish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qonun bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash oqibatida inson o‘limiga sabab bo‘lgan holatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Jumladan, Jinoyat Kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq 235-modda (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) yangi qismlar bilan to‘ldiriladi.
Misol uchun, qiynoqlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shuningdek, qiynoqlar jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qiynoqqa solish muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shu bilan birga, qiynoqqa solish bir guruh shaxslar tomonidan, takroran, dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Loyihada ta’kidlanishicha, amaliyotda qiynoq oqibatida o‘lim holati yuz berganda, qo‘shimcha modda bilan malakalash talab etilmaydi.
Мавзуга оид хабарлар:
Xalq tabobati yoʻnalishida ruxsat etilmagan usullarda davolash xizmatlarini reklama qilish taqiqlandi O‘zbekistonda bir yilda 14 nafar shaxs ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilishda ayblanib sudlandi O‘zbekistonda aholi asosan qaysi kasalliklardan vafot etayotgani ochiqlandi Bolalarga nisbatan oilaviy zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni internetda reklama qilishga javobgarlik belgilandi