Sanepidqo‘mita: O‘zbekiston aholisining katta qismi maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitetga ega
Shuningdek, JSST vakili maymunchechak koronavirus darajasidagi o‘ta jiddiy muammo emasligini aytdi.
O‘zbekiston aholisining katta qismi, ya’ni 1980-yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilarda maymunchechakka qarshi immunitetga ega. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lum qildi.
Maymunchechak kasalligi respublikamiz hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Negaki maymunchechak kasalligi qayd qilinayotgan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va muloqotda bo‘lganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara bermoqda, deyiladi qo‘mita xabarida.
Qayd etishicha, mamlakatda istiqomat qilayotgan 1980-yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (xalq tilida chin chechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.
JSST Yevropa ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra maymun chechagi epidemiyasi COVID-19 pandemiyasi darajasida global muammo tug‘dirmaydi. JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge dunyoning qator mamlakatlarida mpox (maymunchechak) virusi tarqalishi bilan bog‘liq epidemik vaziyat yuzasidan bayonot berar ekan, vahimaga berilishga hojat yo‘q deb ta’kidladi. Uning fikricha, “Maymunchechak koronavirus darajasidagi o‘ta jiddiy muammo emas, — biz mpox virusi bilan qanday kurashish kerakligini bilamiz”.
Kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida:
- maymun chechagi kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush davlatlarga safarlarni cheklash;
- ish yuzasidan xizmat safariga borilgan taqdirda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan muloqotda bo‘lmaslik;
- jamoat joylariga chiqishda shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish;
- tana harorati ko‘tarilgan yoki toshmalar toshgan yo‘lovchilar bilan birga harakatlanishga to‘g‘ri kelganda imkon qadar sanitariya muhofaza (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish;
- jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish, transportdan tushgandan so‘ng qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etiladi.
Maymunchechak — virusli infeksiya bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida o‘ziga xos toshmalar toshishi bilan kechadi.
Мавзуга оид хабарлар:
Sanepidqo‘mita sinfxonalarda me’yordagi harorat qancha bo‘lishi kerakligini tushuntirdi O‘zbekistonda Marburg virusi xavfi sabab nazorat kuchaytirildi Toshkentda odamlar go‘shtdan zaharlangani haqida xabar tarqaldi Rossiya O‘zbekistonga maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini beradi JSST: Tibbiy niqob maymunchechakdan qutqara olmaydi