Denovdagi bog‘chada 5 yoshli bolani kaltaklagan tarbiyachi ishdan olindi
Shuningdek, taʼlim muassasasida yuzaga kelgan maʼnaviy nosog‘lom muhit uchun tashkilot direktori ham ishdan ketgan.
Surxondaryoning Denov tumanidagi bog‘chada tarbiyachining bolaga qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tarbiyachi ishdan olinganini ma’lum qildi.
Bolalar ombudsmani bergan xabarga ko‘ra, videodagi holat 13-avgust kuni Denov tumanidagi 16-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida sodir bo‘lgan. Tarbiyachi A.G. mashg‘ulot davomida 5 yoshli bola M.I. beodoblik qilgani uchun go‘yoki uni tarbiyalash maqsadida qo‘lidagi chizg‘ich bilan urgan.
Xodim o‘z mehnat majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgani uchun Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga asosan tarbiyachi A.G. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shuningdek, taʼlim muassasasida maʼnaviy nosog‘lom muhit yuzaga kelgani, o‘z ishida masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani sababli ushbu maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning o‘z arizasiga muvofiq bekor qilingan.
Voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan ham o‘rganish ishlari olib borilayotgan bo‘lib, holatga huquqiy baho beriladi.